20 May 2022 yil 568

Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoiy xolatlar fosh etildi

Dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammolardan biri bu giyohvandlik vositalaridir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.

Xususan, 2022 yil 1 may kuni “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, Xorazm viloyati IIB tomonidan mazkur profilaktik tadbir doirasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,  2022 yil 13-16 may kunlari viloyat IIB va Bog‘ot tumani IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 1,59 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 3 000 000  so‘mga sotishga uringan, Urganch shahrida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, B.P. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida u ushbu giyohvandlik vositasini Urganch shahrida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan, S.P dan sotib olganligi maʼlum bo‘ldi. Shundan keyin nazorat tartibida o‘tkazilgan tadbirda S.P. o‘zining “mijoz”iga yana 5 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 2 000 000 so‘mga sotib o‘tkazgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, 17 may kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, ilgari giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun javobgarlikka tortilgan, 1991 yilda tug‘ilgan, S.A. Urganch shahri hududida gumonlanib, yonlari holislar ishtirokida tintuv qilinganida, uning yonidan 9,38 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi topilgan.

Bundan tashqari, 17 may kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan A.O. ga tegishli “Jentra” rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganida, avtomashinadan va yonidan 5 gramm miqdordagi “geroin” va shuncha miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositalarini saqlab qo‘yganligi aniqlandi.

Yuqoridagilardan tashqari, 17 may kunlari viloyat IIB xodimlari tomonidan Urganch shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan, A.R. boshqaruvidagi avtomashina xolislar ishtirokida to‘xtatib tekshirilganida, u avtomashina salonida 5 gramm “opiy” va 2 gramm “geroin” giyohvandlik vositalarini saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi. Ushbu giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Urganch shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan M.M. 0,08 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini  1 050 000 so‘mga sotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Yuqoridagi xolatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech