8 Oktyabr 2022 yil 584

Gugurt qutisiga joylashtirilgan giyohvandlik vositasi “mijoz”ga yetib bormadi

Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga chek qo‘yish maqsadida joriy yil maboynida ikki bosqichda “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilganligi va ushbu tadbir davomida Xorazm viloyatida ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir qancha jinoyatlar fosh etilganligi, jinoyatchilardan har xil turdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ashyoviy dalil tariqasida olinganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Xususan, sentyabr oyining yakunida “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi yakunlanganligi, ammo giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish bir zum ham to‘xtamasligi to‘g‘risida aytilgan edi.

Bunga Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 6 oktyabr kuni fosh etilgan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq navbatdagi jinoyat misol bo‘la oladi.

Xususan, joriy yilning 6 oktyabr kuni viloyat IIB Jinoyat qidiruv xodimlari mavjud tezkor maʼlumotlarga ko‘ra Urganch tumani “Shodlik” mahallasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan, X.X. ning uyi va yordamchi xo‘jaliklarini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishdi.

Tezkor xodimlar yordamchi xo‘jalik xonalarini, ayniqsa tovuqxonani ko‘zdan kechirayotganida uy egasi o‘zini bejo tuta boshladi. Bu bejiz emas edi, chunki, xonadon egasi tovuqxonani biron narsani berkitish uchun eng ishonchli joy deb o‘ylaganida xatoga yo‘l qo‘yganini anglab yetgandi.

Tezkor xodimlar tovuqxonada ko‘mib qo‘yilgan uch litr hajmdagi uchta shisha bankalarni kavlab olishganida, giyohfurush o‘zining barcha rejalari chippakka chiqqanligini tushundi.

Shisha bankalar ichiga solingan 199 ta gugurt qutisidagi “marixuna” giyohvandlik vositasi xolislar ishtirokida o‘lchab ko‘rilganida 484 gramm ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Mazkur xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondor esa ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech