9 Avgust 2022 yil 505

Gurlan tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi hamkorlikni kuchaytirish belgilab olindi

Sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlikning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, ularning barvaqt oldini olish jamiyat uchun foydalidir.

Gurlan tumani hokimligida sektor rahbarlari, tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi xodimlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishga Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik J.Q.Sadullayev raislik qildi.

Yig‘ilishda Gurlan tumanida joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda bu borada tuman hokimligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi idoraviy hamkorlik darajasi muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan huquqbuzarliklarning profilaktikasi yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi.

Shundan keyin Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i polkovnik J.Sadullayev jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan profilaktika (katta) inspektorlarining xizmat faoliyatini tanqidiy baholab, ularga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida tumanda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, taʼbir joiz bo‘lsa tumanni jinoyat va huquqbuzarliklardan butunlay holi hududga aylantirish borasida hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni yana-da kuchaytirish belgilab olindi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Bundan tashqari shu kuni tumanda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ichki ishlar organlariga qarashli tayanch punktlari faoliyati o‘rganildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech