Hamkasblarimiz g‘oliblar safida
Asosiy vazifasi jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdan iborat bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqdalar. Ayniqsa jamoaviy baxslarda ichki ishlar organlari xodimlarining o‘zaro hamjixatlikda harakat qilishlari g‘oliblar safidan joy olishlarida juda qo‘l keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi Xorazm viloyati kengashining tashabbusi bilan 25 sentyabr kuni Urganch shahridagi “Yoshlar markazi”da 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvida viloyatdagi huquqni muhofaza qilish organlari va harbiy qismlar shaxsiy tarkibidan iborat jami 6 ta jamoa ishtirok etdi.
“Bugun bayram”, “Tezkor savol-javob” va “Erkin mavzuda madaniy chiqish” shartlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bellashuvda faol ishtirok etgan IIV Urganch Xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha alohida batalyoni harbiy xizmatchilaridan iborat “Lochin” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni, Xorazm viloyati IIB yoshlaridan tashkil topgan “Femida” jamoasi esa faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Erkin mavzudagi madaniy chiqish” shartida ichki ishlar organlari xodimlarining o‘qituvchi va murabbiylarni ulug‘lovchi sheʼriy tabriklari va namunaviy ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Bellashuv g‘oliblari Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashining kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati