23 Avgust 2023 yil 6343

Har jabhada faol: Xorazm viloyati IIB xodimi serjant Maqsad Kamolov

Lavhamiz qaxramoni serjant Maqsad Kamolov sportda hamda xizmatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan yosh xodimlardan biri. U ayni kunda viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyonida xizmat qilmoqda.

Urganch olimpiya zaxiralari sport kollejini tamomlagan Maqsad Kamolov harbiy xizmat safida o‘z yigitlik burchini o‘tadi. U vatan sarhadlarini himoya qilish bilan bir qatorda harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘plab sport musobaqalarida ham ishtirok etdi. Harbiy xizmatdan qaytgach, Urganch davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetida tahsil oldi. Shundan so‘ng u hayotini yurt osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasb bilan bog‘lashga ahd qildi.

Boshqarma rahbariyati sportda o‘ziga xos yutuqlarga erishayotgan bu yigitni viloyat IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadiga xizmatga qilib kilishdi. Jangovar topshiriqlarni bajarishda jismoniy hamda kasbiy mahorat muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi anglagan kichik serjant Maqsad Kamolov sport mashg‘ulotlarini davom ettirdi. Ustozi, tajribali murabbiy mayor Elbek Bog‘ibekovdan kurash sirlarini yana-da puxtaroq o‘rganishga harakat qildi. Oradan ko‘p o‘tmay u ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida g‘alabali odimlarini davom ettirdi.

Istiqlol bergan imkoniyatdan samarali foydalangan lavhamiz qaxramoni to‘rt yil viloyat IIB TVBSOda xizmat qilib, viloyat hududida sodir etilgan ko‘plab jinoyatlarni fosh etishda faol ishtirok etdi. Shuningdek, Navoiy shahrida sambo bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida o‘z vazn toifasi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni egalladi va sambo bo‘yicha sport ustasi talabini bajardi.

Boshqarma rahbariyati xizmatda hamda sportda hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan serjant Maqsad Kamolovni viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoniga o‘tkazishdi. U yangi jamoada ham o‘z bilim va mahoratini namoyon eta boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay Urganch shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan sportning dzyu-do turi bo‘yicha “Dinamo” JTSJ birinchiligida ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.

Lavhamiz qaxramoni yaqinda yana bir nufuzli bellashuvda ishtirok etdi. U joriy yilning 18-19 avgust kunlari Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan Xiva shahrida sportning milliy kurash turi bo‘yicha “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqasining respublika bosqichida 100 kilogrammdan yuqori bo‘lgan vazn toifasida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Hayotini yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbga baxshida etayotgan Istiqlol tengdoshi, serjant Maqsad Kamolovni zafarli odimlari bilan samimiy qutlab, kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz.

Xudoybergan JABBOROV,

 

Text to speech