5 Yanvar 2023 yil 680

Haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘lib o‘tadigan sinov imtihonidan o‘tkazib berishni vaʼda qilgan shaxslarning qilmishi fosh etildi

Maʼlumki bugungi kunda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida haydovchilarning nazariy va amaliy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Shundan kelib chiqqan holda haydovchilar tayyorlash o‘quv kurslari va ulardan yakuniy sinov imtihonlarini qabul qilish jarayonlari ochiq, shaffof shu bilan birgalikda qatʼiy nazorat ostida o‘tkazilishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi jarayonlarda qonunbuzilish xolatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan profilaktik va nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, 2022 yil 21 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Urganch tumani “Qipchoq” mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan T.Sh.  fuqaro Sh.Sh.ni haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘tkaziladigan imtihondan tanishlari orqali o‘tkazib berishiga ishontirib, buning evaziga 700 AQSH dollari talab qilib, 600 AQSH dollari va 1100 000 so‘m pullarini olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi Xorazm viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan 2022 yilning 17 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida esa, ikki nafar fuqaroni haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihondan o‘tkazishiga va buning uchun har biri 300 AQSH dollari berishi lozimligiga ishontirib, ulardan jami 500 AQSH dollari va 1 100 000 so‘m pullarni olgan Qo‘shko‘pir tumani “Qadriyat” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1992 yilda tug‘ilgan, D.E. ham jinoyat ustida ushlandi.

Xozirgi kunda mazkur xolatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech