Hazorasp tumanida faol xotin-qizlar hamkorligini kuchaytirish belgilab olindi
Joriy yilning 19 sentyabr kuni Hazorasp tumanida Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Hazorasp tumani IIB va tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘limi hamkorligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 mart kunidagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining Yangiariq tumanidagi ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, tumanda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘ishlarining o‘zaro hamkorligi atroflicha tahlil etilib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish istiqbollari belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilish yakunida ishtirokchilarga viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan tayyorlangan profilaktik yo‘nalishdagi bukletlar tarqatildi.
Shundan keyin ishchi guruh tarkibidagi masʼullar tumanning 3-sektor rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan tibbiy yordam ko‘rsatish punktida bo‘lib, u yerda “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati