20 Sentyabr 2021 yil 912

Himoya orderi - ayollarning huquqiy kafolati

Xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash hamda zarur sharoitlarni yaratib berish, ular o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topmoqda.

   Xorazm viloyati IIB HPB boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Dilnoza BOG‘IBEKOVA bilan bo‘lgan muloqotda anashu masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. 

  -Viloyatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yana-da qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida yangi tizim yaratildi. Bunda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi faolligini oshirish, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ular tomonidan jinoyat hamda  huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish kabi masalalar asosiy vazifa etib belgilandi. Bu borada mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturga muvofiq huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan, sudlangan, yashash manzilidan uzoq muddatga chet davlatlarga ketgan xotin-qizlar bilan keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilyapti.

   Xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash, oila daromadini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish masalasi shu kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Ichki ishlar organlari tizimiga ijtimoiy profilaktika tushunchasining kirib kelishi ham anashu maqsadlar yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Xodimlarimiz har bir mahalladagi oilani o‘rganish jarayonida ayollarning huquqbuzarlik sodir etishga moyillik darajasini aniqlash barobarida, ularning turmush tarzi, ijtimoiy ahvoli hamda muammolariga ham alohida eʼtibor berishmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sharoitida bu jihatlar alohida muhim ahamiyat kasb etayapti. Ichki ishlar organlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan ayollar ro‘yxati shakllantirilib, ularning bandligini taʼminlash ishlari samarali davom etayapti.

   Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda uning xududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda mahallalarda, taʼlim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilyapti. Bunda xotin-qizlarni turli tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.

   Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat xududida xotin-qizlar tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish 

bo‘yicha qator profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Shunga qaramasdan nosog‘lom muhitda yashayotgan 58 nafar xotin-qizlar tomonidan 68 ta jinoyat sodir qilindi. Bu raqamlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 foizga  kamayishga erishilgan bo‘lsa-da, hamon bu borada olib borilayotgan profilaktik tadbirlar talab darajasida emasligi, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ishlarda muayyan kamchiliklar mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda. Buni quyidagi raqamlar tahlilida yana-da yaqqolroq ko‘rishimiz mumkin.

   Urganch shahri, Xiva, Hazorasp, Yangibozor tumanlarida xotin-qizlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir muncha oshgan. Shuningdek, ayollar tomonidan 6 ta yengil tan jarohati yetkazish, 14 ta firibgarlik, 8 ta o‘g‘irlik, 4 ta qo‘shmachilik, 3 ta odam savdosi, 3 ta giyohvandlik, 2 ta bezorilik, 3 ta mulkni o‘zlashtirish, 6 ta qonunga xilof ravishda chet elga chiqish va kirish, 4 ta xujjatlarni qalbakilashtirish, 14 ta boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilgan.

   Xiva tumanida yashovchi O‘. Dilrabo joriy yilning 10 aprel kuni soat 11.00 larda tumandagi “Pirnaxos” mahallasida yashovchi M. Raximovaning uyida yo‘qligidan foydalanib, xonadon sohibasining yotoqxonasidagi sandiq ichidan 5.000.000 so‘m pulni o‘g‘irlab ketgan.

   Shuningdek, Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda R. Zamira joriy yilning 19 mart kuni o‘z uyida I.T va A.F.larga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berish evaziga A.Fdan 100.000 so‘m pulni olganligi aniqlangan.

   Bu kabi noxush holatlarni yana davom ettirishimiz mumkin.

   O‘tgan davr mobaynida ahloq-odobga qarshi huquqbuzarliklar sodir etgan xotin-qizlarning oilaviy ahvoli, muammolari va sodir etgan huquqbuzarliklarining sabablari o‘rganib chiqildi. Natijada ularning aksariyati nosog‘lom muhitda yashayotgani, ota-onalarning qarovi va nazoratidan chetda qolib ketganligi ayon bo‘ldi. Shundan so‘ng nafaqat ularning o‘zlari, balki oilasi bilan ham profilaktik chora-tadbirlar olib borish maqsadga muvofiq, deb topildi va bu boradagi ishlar tizimli davom etayapti.

   Xodimlarimiz oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolarni erta aniqlash va bartaraf etish maqsadida xonadonlarga chiqib, xotin-qizlarning turmush tarzi, oilaviy ahvoli hamda muammolarini o‘rganib borishmoqda. Ularga zarur yordamlar, tavsiyalar hamda maslahatlar berishyapti.

   Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 840 nafar ayollar profilaktik hisobga olingan. Qolaversa, profilaktik hisobda turgan jami 167 nafar xotin-qizlar mavsumiy va doimiy ish bilan taʼminlangan. Shuningdek, 138 nafar ayollarga moddiy  va ijtimoiy, 98 nafariga tibbiy, 18 nafariga esa shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklashda amaliy yoradam ko‘rsatilgan. Mahalla faollari hamda tegishli tashkilotlar vakillari hamkorligida ajrim yoqasiga kelib qolgan 700 ta oilani yarashtirishga erishilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini bartaraf qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlar vakillari bilan tizimli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, huquqiy yordam olishga muhtoj ayollar ro‘yxatiga kiritilgan 1626 nafar xotin-qizlardan 656 nafariga huquqiy maslahatlar berilib, ular “Ayollar daftari”dan 

chiqarildi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 1600 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berilgan bo‘lib, shundan 517 nafari jismoniy, 2 nafari jinsiy, 2 nafari iqtisodiy, 540 nafari ruhiy zo‘ravonlik, 539 nafari esa taʼziqqa uchragan xotin-qizlardir. Ruhiy zo‘ravonlik hamda taʼziqqa uchragan ayollarning eng ko‘pi yaʼni 1241 tasi oilada sodir bo‘lgan. “Himoya orderi” berilishi natijasida 804 ta oila yarashtirildi va 565 ta oilaviy nizolar bartaraf qilindi.

   Yangiariq tumanidagi “Qarmish” mahallasida yashovchi
Ya.E joriy yilning 12 aprel kunidan buyon turmush o‘rtog‘i M.M bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib kelishgan. Mahalla faollari, qo‘ni-qo‘shnilarning maslahatlari, nasihatlari ijobiy samara bermagach, xudud profilaktika inspektori tomonidan M.Mga “Himoya orderi” topshirilgan hamda unga huquq va majburiyatlari tushuntirilgan. Natijada er-xotin o‘rtasidagi munosabat ijobiy tomonga o‘zgarib, ushbu oilada sog‘lom muhit yaratildi.

   Shuningdek, Urganch shahridagi A.Ibragimov ko‘chasida yashovchi yakka tadbirkor K.A. joriy yilning 21 iyun kuni soat 14:30larda “Urganch savdo uyi” binosining 1-qavatida Urganch tumanida yashovchi yakka tadbirkor Yu.I bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib, unga tan jarohati yetkazgan. Ushbu holat belgilangan qonun doirasida o‘rganib chiqilib, Yu.I. “Himoya  orderi” bilan taʼminlangan. Natijada ular o‘rtasidagi kelishmovchilik ham barham topgan.

   O‘tgan davr mobaynida tegishli tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda viloyat xududida istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan, yakka yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogironligi bo‘lgan oilalarning turmush sharoitini yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ularga mahalliy hokimliklar, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.

   Ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanayotgan hamda doimiy daromad manʼbaiga ega bo‘lgan shaxslarda jinoyat va huquqbuzaliklar sodir etishga vaqt ham, zarurat ham bo‘lmaydi. Shu bois, fuqarolarning turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan bu kabi keng ko‘lamdagi ijtimoiy profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

   Joylarda amalga oshirilayotgan bunday profilaktik tadbirlardan asosiy maqsad mamlakatimizda xotin-qizlar tomonidan jinoyat hamda huquqbuzarliklar sodir etilishining, oilalardagi ajrimlarning, nizoli holatlarning oldini olishdan iboratdir. 

                                Suhbatni Xudoybergan JABBOROV yozib oldi.

 

 

Text to speech