Xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Ayni kunlarda mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari bilan olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yangi bosqichga chiqqan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tomonidan Xiva shahrida uyushtirilgan navbatdagi tadbir ham aynan yuqorida keltirib o‘tilgan chora-tadbirlar rejasiga asosan o‘tkazildi. Mazkur tadbirga Xiva shahri, shuningdek, Xiva, Yangiariq va Qo‘shko‘pir tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolari taklif etildi.
Ishtirokchilar dastlab badiiy xunarmandchilik asarlari galereyasini tomosha qilib, ulardan badiiy estetik zavq olishdi.
Shundan keyin tadbirning asosiy qismiga o‘tildi, yaʼni ichki ishlar organlari xodimlari o‘qishi tavsiya etilgan 39 nomdagi badiiy kitoblar taqdimoti va ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi. Bu jarayonni Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xiva shahar bo‘linmasi rahbari Leninza Asqarova mohirona boshqarib bordi. Buni taqdimot yakunida o‘tkazilgan viktorinada barcha ishtirokchilarning faol ishtirok etganligidan anglash mumkin. Viktorina savollariga to‘g‘ri va to‘liq javob bergan ishtirokchilarga badiiy kitoblar sovg‘a qilinganligi ham maʼnaviyat kechasiga uzviy bog‘liq bo‘ldi.
Shundan keyin Xorazm viloyati musiqali drama teatri aktyor va akstrisalari tomonidan sahnalashtirilgan holda ijro etilgan To‘maris, Jaloladdin Manguberdi va Shayx Najmiddin Kubro monologlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va ularning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda ishtirok etgan IIV masʼul xodimi ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etishda qo‘shgan hissasi uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, “Faxriy yorliq” va badiiy kitoblar to‘plamini topshirdi.
Albatta bunday tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xodimlarni ona-Vatanga muhabbat va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni yuksak insoniy va maʼnaviy-axloqiy sifatlarga esa bo‘lgan xalqparvar xodim darajasiga yetkazish, xodimlarni yagona g‘oya asosida jipslashtirgan holda ongiga xalq manfaatlariga vijdonan hamda sidqidildan xizmat qilish – oliy va sharafli burch ekanligini singdirishdan iboratdir.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati