Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida korrupsiyani oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy o‘rganilmoqda
Joriy yilning 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan har bir viloyatning huquq-tartibot idoralarida korrupsiyaviy omillarni bevosita aholi bilan muloqot tashkil etgan holda, jamoatchilik fikri tahlili asosida chuqur o‘rganish vazifasi yuklatildi.
Topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va samarali taʼminlash maqsadida 23 fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Xorazm viloyatidagi jinoyatchilik ko‘p eng sodir etilayotgan qator tumanlarda ichki ishlar organlari faoliyati, profilaktika inspektorlari hamda aholi bilan uchrashdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutaxassislari tomonidan Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida korrupsion huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash va korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi holati o‘rganilmoqda.
Agentlik direktori ichki ishlar organlarining murojaatlar bilan bevosita shug‘ullanuvchi sohaviy yo‘nalishlari kundalik xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun Urganch shahridagi “Navbahor” va Urganch tumanidagi “Oyoqbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inlariga tashrif buyurdi.
Mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektori bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida A.Burxanov fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va qonuniy hal etish jarayoni yuzasidan batafsil maʼlumot oldi. Shu bilan birgalikda hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan profilaktika inspektorining takliflarini ham o‘rganib chiqish uchun qabul qildi.
Agentlik direktori Urganch shahri va Shovot tumani ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida bo‘lib, fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirish va tarqatish, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida korrupsiyaviy holatlarni yuzaga kelishini oldini olish maqsadida inson omilidan butunlay voz kechish va IT texnologiyalar imkoniyatidan ko‘proq foydalanish yuzasidan tavsiya berdi.
Ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi sohasiga uzoq yillar davomida korrupsiyaviy holatlar mavjud tizim sifatida qarab kelingan. Shu bois Agentlik direktorining navbatdagi tashrif manzili viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Shovot tumanidagi 2-son tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi bo‘ldi. Mazkur soha faoliyati so‘nggi yillarda ancha shaffof holda olib borilayotganligi, xususan davlat raqam belgilarini elektron kimoshdi auksion savdolari orqali sotilishi yo‘lga qo‘yilganligi, YPX inspektorlarining bodikamera va planshetlar bilan to‘liq taʼminlanganligi, imtihon qabul qilish xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilganligi ijobiy o‘zgarishlar sifatida aytib o‘tilgan bo‘lsada, kelgusida Urganch shahri va tumanlar markazidagi chorrahalarga yo‘l harakati qoidalarini qayd etuvchi kameralarni o‘rnatish orqali YPX inspektorlarining haydovchilar bilan muloqotda bo‘lishlarini imkon qadar qisqartirish tavsiya qilindi.
Bundan tashqari Agentlik mutaxassislari tomonidan viloyat ichki ishlar organlarida korrupsion huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash va korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi holatini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati