14 Yanvar 2021 yil 517

Xorazm viloyati IIB da bayram munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Kim yurtiga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha” shiori ostida o‘tgan mazkur bayram tadbiriga Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh xodimlari, soha faxriylari, xizmat vazifasini bajarish paytida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolari, shuningdek fidoyi xodimlarning ota-onalari taklif etildi.

Bayram tadbirida Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov so‘zga chiqib, Vatan himoyasini mustahkamlash, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishlarini taʼminlash borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi, hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirining bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Bayram munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga asosan mukofotlanganlar safida Xorazm viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi komandiri podpolkovnik Yusufboy Safayevning “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganligi ham alohida eʼtirof etildi.

Shundan keyin sana munosabati bilan IIV va viloyat IIB tomonidan taqdirlangan bir guruh fidoyi xodimlarga ko‘krak nishoni, esdalik qo‘l soati, “Faxriy yorliq” va navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan IIV tomonidan  taqdirlangan Xorazm viloyat teleradiokompaniyasi katta muharriri Maʼrifat Qalandarova va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali kafedra mudiri Iroda Hajiyevalarga “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Farzandining namunali hulqi va tarbiyasi uchun bayram kuni boshqarma boshlig‘idan “Tashakkurnoma” olgan ota-onalarning quvonchi cheksiz bo‘ldi.

Tadbir yakunida, soha faxriylari va xizmat vazifasini bajarish paytida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolariga bayram sovg‘alari berildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech