Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi
O‘zining 2500 yillik tarixiga ega Xiva shahri ochiq osmon ostidagi muzey nomini olib, YUNESKO tomonidan madaniy meros sifatida ro‘yxatga olingan.
Shu bois Xivadagi tarixiy obidalarni tomosha qilishga har yili ko‘plab xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradilar.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sayyohlar oqimining ortganligi hech kimga sir emas, buning zamirida esa albatta mamlakatimizda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay infratuzilma va ularning xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar turibdi.
Chunki safarga chiqayotgan har qanday sayyoh avvalo o‘zining xavfsizligi qay darajada taʼminlanishini o‘rganadi.
Shu bois davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari bilan mamlakatimizda turistik obyektlar joylashgan hududlardagi ichki ishlar organlarida xavfsiz turizmni taʼminlash xizmati joriy etildi.
Xorazm viloyatida IIB tarkibida tashkil etilgan Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi shu kunga qadar o‘zining maʼmuriy binosiga ega emas edi.
Bundan 2 yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligining tashabbusi va mablag‘i hisobiga Xiva shahrida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi maʼmuriy binosining qurilishiga kirishildi.
Yevropa va milliy qurilish standartlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan ushbu obyektning qurilishini tasdiqlangan loyiha asosida olib borilishi Ichki ishlar vazirligi va viloyat IIB rahbariyati tomonidan doimiy ravishda o‘rganib borildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda mazkur binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Xorazm viloyati Hokimi F.O‘.Ermanov, viloyat IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi, soha faxriylari va Xiva shahar Hokimligi mutasaddilari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan Xorazm viloyati Hokimi mazkur binoni loyihalashtirish, moliyalashtirish va qurilish ishlarida bevosita bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonov va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.
Shuningdek tadbirda so‘z olgan soha faxriylari bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik osoyishtalikni taʼminlash borasida ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni yuksak baholab, xodimlarning kelgusida ishlarida omad tiladilar.
Shundan keyin ramziy lenta kesilib, binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki mazkur binoni jihozlashda eng so‘nggi innovatsion texnologiyalardan foydalanishga eʼtibor qaratildi.
Binodagi vaziyatlar markaziga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali nafaqat Xiva shahri yoki “Ichan qalʼa” majmuasidagi vaziyatni kuzatish imkoniyati mavjud shu bilan birgalikdagi viloyatning boshqa hududlarida joylashgan turizm obyektlaridagi kuzatuv kameralari ham aynan shu yerga integratsiya qilindi.
Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida xizmat olib borayotgan xodimlarning kamida 2-3 tadan xorijiy tilni bilishlari esa sayyohlar bilan erkin muloqotni taʼminlash bilan birgalikda, ularda mamlakatimiz ichki ishlar organlari xodimlari to‘g‘risida ijobiy fikr mustahkamlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda bugun foydalanishga topshirilgan mazkur bino nafaqat o‘zining Xiva shahriga uyg‘un tashqi ko‘rinishi bilan, shuningdek tinchlik va osoyishtalik timsoli sifati mamlakatimiz hayotida munosib o‘rin egallashi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati