Xorazm viloyati IIB “Vatanparvarlik burchagi”da maʼrifiy uchrashuv uyushtirildi
Bugun ichki ishlar organlari xodimlari orasida xotin-qizlarning safi ortib bormoqda. Bu mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning faolligi oshayotganligining bir ko‘rinishidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning hududiy hamda sohaviy yo‘nalishlarida ham xotin-qizlar safi ancha kengaydi.
Shu bilan birgalikda tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish ishlari ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu boradagi ishlarni amalga oshirishda esa bevosita viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi tarkibidagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektoridan alohida masʼuliyat talab etiladi.
Xorazm viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektori mayor Yu.Hamdamova ayni kunlarda sohada faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlarning xizmat sharoitini yaxshilash, ularda Vatanparvarlik g‘oyalarini yuksaltirish borasida bir qator manzilli va maqsadli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, Xorazm viloyati IIBda yangi tashkil etilgan “Vatanparvarlik burchagi”da mayor Yulduz Hamdamova tashabbusi bilan xotin-qizlar ishtirokida maʼrifiy uchrashuv uyushtirildi.
Yu.Hamdamova o‘z hamkasabalariga “Vatanparvarlik burchagi”dan o‘rin olgan har bir eksponat va maʼlumot yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.
Bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning “To‘maris izdoshlari” bo‘lib yetishishlarida munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati