Xorazm viloyatida xotin-qizlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi kuchaytirilmoqda.
Jamiyatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash, xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish borasida hududiy ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari tomonidan ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyati IIB va uning quyi tizimlaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar va hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning uzviy aloqasini taʼminlash maqsadida, shahar va tumanlardagi aholi ko‘p tashrif buyuradigan obyektlarga ko‘rgazmali banner va plakatlar o‘rnatildi.
Shuningdek, xotin-qizlarga O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni asosida tayyorlangan bukletlar tarqatildi.
Ushbu banner, plakat va bukletlarda qisqa raqamli 1146 ishonch telefoni, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari va hududiy ichki ishlar organlari navbatchilik qismining telefon raqamlari aks etganligi muammoli vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning o‘z vaqtida murojaat qilishlarini taʼminlashi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati