13 Avgust 2020 yil 643

Xorazm viloyatida ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj oilalarga naqd pul shaklidagi moddiy yordamlarni tarqatish boshlandi.

Xorazm viloyatida koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, jumladan har bir mahallada fuqarolar yig‘ini rahbarligidagi ishchi guruhdan iborat Shtablar tuzilganligi, ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtojlar ro‘yxati shakllantirilganligi va ularga ehtiyojmandlik holati bo‘yicha murojaat qilish tartibi yuzasidan eslatma varaqalari tarqatilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Bugun Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlarida sektor rahbarlari ishchi guruh aʼzolari hamrohligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga  va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida ajratilgan naqd pul shaklidagi moddiy yordamlarni tarqatish jarayonini boshladilar.

Pul mablag‘larining ijtimoiy himoya va yordamga muhtojligi sababli ro‘yxatga kiritilgan fuqarolarga to‘liq va qisqa muddatda yetkazilishini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatida xizmat safari bilan bo‘lib turgan IIV masʼul xodimi polkovnik M.M.Muxammadjonov, viloyat IIB masʼul xodimlari va hududiy profilaktika inspektorlari ham fidoyilik ko‘rsatmoqdalar.

Albatta amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashdir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

i

Text to speech