Xorazm viloyatida maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni sudda onlayn tartibda ko‘rib chiqish boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PF-6196-son Farmoni ichki ishlar organlari faoliyatining yangi davrini huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur Farmonda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash maqsadida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish ham asosiy vazifalardan biri sifatida keltirib o‘tildi.
Shundan kelib chiqqan holda, bugungi kunda Xorazm viloyatida maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni sudlarda onlayn tartibda ko‘rib chiqish amaliyoti test rejimida amalga oshirilmoqda.
Maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishga aloqador tomonlarning profilaktika inspektorining mahallada joylashgan xizmat xonasidan turib onlayn sudda ishtirok etishi fuqarolarning ortiqcha sarf-harajati va sarson bo‘lishining oldini olishi bilan birgalikda, profilaktika inspektorining kun davomida xizmat hududi hisoblangan mahallada bo‘lishini taʼminlaydi.
Xorazm viloyatida maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni onlayn tartibda ko‘rib chiqish amaliyotini qisqa muddatda barcha hududlarda to‘liq yo‘lga qo‘yishni taʼminlash maqsadida texnik jixozlash jarayonlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati