16 Noyabr 2021 yil 1001

Xorazm viloyatida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Tarixga nazar tashlash, kelajakda yuqori marralarni ko‘zlash har qanday sohaning taraqqiy etishi uchun lozim jihatlardan biri hisoblanadi.

Joriy yilning 16 noyabr kuni Urganch shahrida “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.

Tadbir avvalida Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov so‘zga chiqib, maʼnaviy-maʼrifiy tadbiridan ko‘zlangan maqsad tarixdan to‘g‘ri saboq chiqargan holda buyuk kelajakka ildam qadam tashlash, shu bilan birgalikda, ustoz-shogird anʼanalarini yana-da rivojlantirish ekanligini taʼkidlab, mehmon sifatida taklif etilgan faxriylar bilan tanishtirib o‘tdi.  

Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan  xodimlar, soha faxriylari va IIV Xorazm akademik litseyning o‘quvchilari ishtirok etgan mazkur maʼnaviy-maʼrifiy tadbirga uzoq yillar ichki ishlar organlarining rahbarlik lavozimlarida, shu jumladan Ichki ishlar vaziri lavozimida xizmat qilgan isteʼfodagi general-leytenant B.A.Matlyubov taklif etilganligi va unga IIV faxriylar kengashining faol aʼzolari va IIV Akademiyasi professori polkovnik Sh.R.Qobilovlarning hamroxlik qilganligi uchrashuvga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Dastlab so‘z olgan isteʼfodagi general-leytenant  B.A.Matlyubov mamlakatimiz ichki ishlar organlarining uzoq va yaqin tarixiga to‘xtalib, ayniqsa mustaqillikning ilk yillarida uyushgan jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarni bayon qilib, bu jarayonda xizmat qilgan ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatidan misollar keltirib, ularning jasorati va fidoyiligi kelgusi avlodlar uchun hayot maktabi bo‘lib xizmat qilishi kerakligini taʼkidlab o‘tdi.

Shundan keyin so‘zga chiqqan IIV faxriylar kengashining aʼzolari ham o‘z hayot va xizmat yo‘lidagi zalvorli davrlarni va muvaffaqiyatga erishgan onlarini ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazib, bugungi yosh avlod ichki ishlar organi xodimi degan sharafli nomga munosib bo‘lishi uchun o‘z ustida tinimsiz ishlashi, bilimlarni puxta egallashi va asosiysi xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni o‘zining muqaddas burchi deb bilishi lozimligini aytib o‘tdilar.

IIV Akademiyasi professori polkovnik Sh.R.Qobilov esa ishtirokchilarga B.A.Matlyubov muallifligida chop etilgan “O‘zbekistonda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash tarixi” nomli kitobning yaratilish tarixi hamda undan joy olgan fakt va fikrlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.

Shundan keyin ushbu kitobning bir nechta nusxasi Xorazm viloyati IIB ning bir guruh xodimlari va faxriylariga muallif tomonidan sovg‘a qilindi.

O‘z navbatida ishtirokchi yoshlarning ichki ishlar organlari faoliyatini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida bildirgan fikr-mulohazalari tinglandi.

Taklif etilgan mexmonlarga tadbir yakunida anʼnaga ko‘ra Xorazm milliy kiyimlari kiydirilib, boshqarmaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sermazmun suxbatlarga boy bo‘lgan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ishtirokchilarning xotirasidan o‘chmas joy olishi bilan birgalikda, ularning kelgusi hayot yo‘llarini yorituvchi ziyo bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech