Xorazm viloyatida jinoyatlarning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi
Sodir etilgan jinoyatni faqatgina protsessual talablar asosida tergov qilish va sudda ko‘rib chiqish bilan cheklanmasdan, mazkur jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rganish, keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish kelgusida shu turdagi jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shularni inobatga olgan holda, Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi rahbariyati xafta davomida viloyat hududida sodir etilgan va aholi o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan jinoyatlarni 18 iyun - “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida bevosita shu hududda yashovchi aholi o‘rtasida muhokama qildilar.
Jumladan, o‘tgan xafta davomida Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi bir guruh ayollar tomonidan yana bir ayolni tahqirlanishi bilan bog‘liq holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va keng jamoatchilik o‘rtasida keskin baxs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Bugungi kunda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tuman aholisi va ayblanuvchilar ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida ushbu holat milliy mentalitetimizga dog‘ bo‘lib tushuvchi illat ekanligi yana bir bor taʼkidlandi. Jinoyat ishining barcha ishtirokchilari jumladan, holatni videotasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan yigit ham bugungi kunda o‘zlarining qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini aytib o‘tishdi.
Xiva tumanida mahalla faollari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa, o‘tgan xaftada giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holda sodir etilgan jinoyat muhokama qilindi. Muhokama jarayonida so‘zga chiqqanlar giyohvandlik - asr vabosi ekani, u bilan bog‘liq har qanday jinoyatlarga nisbatan barcha murosasiz kurash olib borishi lozimligi to‘g‘risida fikr bildirdilar.
“Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan yuqoridagi kabi muhokama va uchrashuvlar karantin qoidarilariga qatʼiy rioya qilgan holda viloyatning qolgan shahar va tumanlarida ham ichki ishlar organlarining masʼul xodimlari tashabbusi ostida bo‘lib o‘tdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati