5 Aprel 2022 yil 319

Xorazm viloyatidagi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar shaxsiy tarkibi o‘rtasida “Temur tuzuklari bilimdoni” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi

Qurolli Kuchlar tizimidagi yosh harbiy xizmatchilarning maʼnaviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy merosimizning tarixiy ildizlarini o‘rganish hamda tahlil etish, buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targ‘ib etish maqsadida joriy yilning 5 aprel kuni Xorazm viloyatidagi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar shaxsiy tarkibi o‘rtasida “Temur tuzuklari bilimdoni” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda ayni kunlarda “Maʼnaviyat oyligi” doirasida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish-oliy burchimiz!” shiori ostida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni yuqori saviyada uyushtirib kelayotgan viloyat ichki ishlar organlari xodimlari ham faol ishtirok qildilar.

Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutilgan edi.

yosh harbiy xizmatchilarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash;

milliy merosimizning tarixiy ildizlarini o‘rganish hamda tahlil etish;

buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini o‘rnak qilish orqali yoshlarda vatanparvarlikni yana-da oshirish.

  Tanlovning yakuniy bosqichi doirasida qiziqarli uchrashuvlar ham tashkil qilindi. Yosh xodimlar ko‘rik-tanlovda soxibqiron bobomiz Amir Temur tarixi, uning qilgan yurishlari, hayoti va ijodi to‘g‘risida 2 ta shart bo‘yicha bellashdilar.

Ko‘rik-tanlovda o‘zining yuksak bilim va zakovatini  namoyish etgan IIV Xorazm akademik litseyining 3-bosqich o‘quvchisi Mirzobek Bozorov faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2 va 3 o‘rinlarga tegishli tartibda 11-son tergov hibsxonasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari munosib deb topildi.

“Temur tuzuklari” milliy merosimizning tarixiy ildizlarini, buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini o‘rnak qilish orqali yoshlarda vatanparvarlik hissini yana-da oshirishi shubhasiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech