Xorazm viloyatini yo‘l-transport hodisalaridan holi hududga aylantirish borasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
Yo‘l-transport hodisalari bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki har yili yo‘l-transport hodisalari bir necha insonlarning o‘limiga, ko‘plab insonlarning nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l-transport hodisalari natijasida ko‘riladigan moddiy zarar esa har qanday oila uchun ortiqcha harajat hisoblanadi.
Xorazm viloyatida joriy yilda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni yana-da kuchaytirishga qaratilgan maqsadli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
2021 yil 5 yanvar kuni Urganch shahrida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiriga viloyatdagi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi barcha korxona va uyushmalar rahbarlari, hamda muntazam ravishda qo‘pol qoidabuzarlik sodir etib kelgan ayrim haydovchilar taklif etildi.
Targ‘ibot tadbirida Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov ishtirok etib, 2020 yil davomida viloyatimiz hududida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari va ular natijasida kelib chiqqan salbiy oqibatlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Shuningdek, viloyat IIB boshlig‘i Xorazm viloyatini yo‘l-transport hodisalaridan holi hududga aylantirish borasida jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, yo‘l harakati qoidalarini buzgan har qanday shaxsga nisbatan fuqarolar murosasiz bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida aytib o‘tdi.
Tadbir yakunida yo‘l-transport hodisasi tufayli ayanchli ahvolga kelib qolgan transport vositalari ortilgan evakuatorlardan iborat targ‘ibot avtokarvoni viloyatning barcha shahar va tumanlari bo‘ylab olib o‘tildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati