Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayevning O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli hamkasblar!
Vatanimizning eng ulug‘, eng aziz ayyomi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 32 yillik bayrami bilan Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini va aziz faxriylarimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mamlakatimizda bu yilgi bayram “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!" degan bosh g‘oya asosida o‘tkazilmoqda. Ushbu g‘oyaning zamirida avvalo yurtimizning tinch va farovon bo‘lishini taʼminlash mujassamdir, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shunday ekan bizning oldimizda Xorazm viloyatini jinoyat va huquqbuzarliklardan butunlay holi hududga aylantirishdek sharafli va ezgu maqsad turibdi. Buning uchun esa bizning barcha kuch va vositalarimiz yetarli deb qatʼiy ishonch bilan ayta olaman, chunki viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni o‘zining oliy burchi deb hisoblaydi.
Bundan tashqari biz kelgusida mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda ichki ishlar organlarining boy hayotiy va ish tajribasiga ega, ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan faxriylari va keng jamoatchilik vakillari bilan yana-da yaqin hamkorlik o‘rnatishni belgilab oldik.
“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” degan shior har bir xodimning kundalik faoliyat mezoniga aylanishi lozim.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni bayram bilan yana bir bor tabriklab, elu-yurtimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlash yo‘lidagi masʼuliyatli hamda sharafli xizmat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
polkovnik Ravshan Sultanxodjayev
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i