Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayevning 1 oktyabr - "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli ustoz va murabbiylar, qadrli faxriylar!
Siz azizlarni, taʼlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini 1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Men shu o‘rinda Muhtaram Prezidentimizning Ustoz va Murabbiylarga “Sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir” degan fikrlarini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman.
Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim-tarbiya, intizom masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki taʼlim-tarbiyani isloh qilmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Muhtaram yurtboshimiz tomonidan ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish borasida olib borilayotgan faoliyatlari davomida, ustoz va murabbiylarning faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvar kunidagi 10-sonli Qarori bilan ichki ishlar organlari tizimidagi yosh xodimlarga biriktirilgan murabbiylarga lavozim maoshining 20 foiz miqdorida ustama to‘lanishi mustahkamlab qo‘yildi.
Bundan tashqari, Mazkur qaror bilan Ichki ishlar vazirligi Akademik litsey o‘qituvchilariga o‘quv-tayyorlov markazlari tashkil etish, ish vaqtidan tashqari paytlarda pullik taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish vakolati berildi.
Bularning barchasi tizimda xizmat qilayotgan ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor namunasidir.
Yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olishda ichki ishlar organlari faxriylari ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqda. Jumladan qizil toifaga kiritilgan mahallalarga ichki ishlar organlari faxriylari biriktirilib, ular tomonidan jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan say-harakatlarni ham alohida taʼkidlash joiz deb o‘ylayman.
Shu bilan birga, yosh avlodni tarbiyalash, ularni Vatanparvarlik ruhida shakllantirish, xizmat mashaqqatlarini sabr-toqat, matonat bilan yengib o‘tishlariga o‘rgatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “uch avlod uchrashuvlari” ham bugungi kunda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Hurmatli ustoz va murabbiylar, qadrli faxriylar yosh avlodni o‘qitish, tarbiyalash va ularning intellektual hamda maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish borasida olib borayotgan sharafli va masʼuliyatli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.
Bayram munosabati bilan barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga to‘kinlik tilayman.
polkovnik Ravshan Sultanxodjayev
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i