22 Noyabr 2023 yil 3405

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Jasorat va buyuklik timsoli - ayol” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida IIV Birlashgan tahririyati tomonidan nashr etilgan, sohada fidoyilik namunalarini ko‘rsatayotgan, jamoa va el orasida obro‘-eʼtibor qozongan ayol xodimalarning mashaqqatli va sharafli xizmat faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Jasorat va buyuklik timsoli - ayol” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar va sohaning faxriy ayollari ishtirok etdilar.

Taqdimotda tahririyatning Xorazm viloyatidagi maxsus muxbiri Xudaybergan Jabbarov so‘zga chiqib, ushbu kitobning yaratilishi uchun sabab bo‘lgan omillar va kitobni nashrga tayyorlashda ishtirok qilgan badiiy jamoa, shuningdek kitobning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.

Taqdimotda so‘z olgan ayol xodimalar va faxriylar o‘zlarining  xizmat faoliyatlari shunday yuqori darajada qadrlanganligidan behad xursand bo‘lganliklarini, bunday eʼtibor sohada faoliyat olib borayotgan yosh xodimlarga yuksak marralarni zabt etishlarida shijoat bag‘ishlashini taʼkidlab, badiiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish maqsadida nashr etilgan ushbu kitob xodimlar umumfoydalanishi uchun viloyat IIB hamda uning hududiy va sohaviy organlarida tashkil etilgan kutubxonalarga va “Vatanparvarlik burchagi”ga topshirildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech