31 Dekabr 2023 yil 4366

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik R.I.Sultanxodjayevning Yangi - 2024-yil bayrami munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

 Hurmatli  hamkasblar !

Kirib kelayotgan Yangi – 2024-yil bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini, aziz faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila a’zolarini samimiy tabriklayman.

Yakuniga yetayotgan 2023-yilda Xorazm viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning zamirida  fidoyi xodimlarimizning mashaqqatli, shu bilan birgalikda sharafli xizmatlari turibdi.

Ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni 2024-yilda ham izchillik bilan davom ettiramiz.  Binobarin, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin.  

Darhaqiqat, bugun ichki ishlar organlari xalqimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilib, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash borasida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodim “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o‘z xizmat burchi deb biladigan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan tizimli ishlar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Kelgusida ham xalq manfaatlariga xizmat qilish, chinakam xalqchil, xalqparvar bo‘lish ichki ishlar organlari faoliyatining bosh mezoni bo‘lib qolishi lozim.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.

Yurtimizda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash, qonunchilik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek mas’uliyatli va sharafli xizmatlaringizga muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin. Go‘zal va betakror yurtimiz tinch-osoyishta, olijanob, bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

Yangi – 2024-yil barchamizga qutlug‘ kelsin!

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,

polkovnik Ravshan Sultanxodjayev

Text to speech