Huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada takomillashtirish borasida
Sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra ularning barvaqt oldini olish yaʼni to‘liq profilaktikasiga erishish jamiyat uchun foydali ekanligi hech kimga sir emas.
Shundan kelib chiqqan holda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan ish rejasiga ayni kunlarda viloyatda jinoyatchilikni jilovlash hamda huquqbuzarliklarning profilaktikasini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar shahar va tumanlar kesimida atroflicha o‘rganib chiqilmoqda.
Viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhning navbatdagi manzili Bog‘ot tumani bo‘ldi.
Ishchi guruh aʼzolari dastlab, tumanda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida ichki ishlar organlari va hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilishdi.
Shundan keyin tuman IIB profilaktika xizmati tarkibiga kiruvchi xodimlarning ish yurituvidagi xizmatga oid hujjatlar nazorat tartibida o‘rganildi. Shu bilan birgalikda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar va inspektor-psixologlarning xizmat jarayonlari ham yaqindan o‘rganildi.
Bundan 5 yil oldin davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan profilaktika inspektorlari uchun o‘zlari xizmat olib borayotgan mahalla hududidan xizmat uylari qurib berilganligi profilaktika inspektorlarining turmush tarzi va yashash sharoitini yaxshilash bilan birgalikda har bir mahallada tezkor kriminogen vaziyatni nazorat qilib borish imkonini ham yaratdi.
Bugun profilaktika inspektorini ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Ishchi guruh tomonidan tumandagi profilaktika inspektorlarining xizmat uylaridan foydalanish ahvoli ham o‘rganilib, ularga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
Kun davomida ishchi guruh tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam va o‘rganishlar natijalarining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Bog‘ot tumani hokimi ham ishtirok qildi.
Dastlab ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tumanda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli ravishda amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi. Yig‘ilishda profilaktika inspektorlarining mavjud muammolari ham atroflicha o‘rganilib, ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha maqsadli va manzilli choralar belgilandi.
O‘z navbatida Bog‘ot tumani Hokimi tumanda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi fidokorona xizmatlari hamda o‘ziga biriktirilgan mahallada joriy yilning o‘tgan davri maboynida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan profilaktika inspektorlarining faoliyatini alohida eʼtirof etib o‘tdi. Ushbu xodimlarga tuman hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati