3 May 2022 yil 679

Huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada takomillashtirish davr talabi

Sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra ularning barvaqt oldini olish yaʼni to‘liq profilaktikasiga erishish jamiyat uchun  foydali ekanligi hech kimga sir emas.

Xorazm viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham shundan kelib chiqqan holda viloyat hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Dastlab, barcha-shahar tuman ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklarning profilaktikasi yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hisobiti tinglandi.

Shundan keyin Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i polkovnik J.Q.Sadullayev jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan masʼul xodimlarning xizmat faoliyatini tanqidiy baholab, ularga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida har bir xodim avvalo xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya qilishi, xususan profilaktika inspektorlari chin maʼnoda mahallaning to‘laqonli aʼzosiga aylanishi, mahalladoshlarining dardu-tashvishi bilan yonib yashashi kerakligi uqtirib o‘tildi.

Bundan tashqari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar va inspektor-psixologlar ham o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashib, o‘z faoliyatini amalga oshirishda tub burilish yasashlari lozimligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati  

Text to speech