23 Aprel 2022 yil 571

Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Zukko kitobxon” intellektual bellashuvi bo‘lib o‘tdi

Ichki ishlar organlarida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tashabbusi bilan 22-aprel kuni “Zukko kitobxon” intellektual o‘yini tashkil etildi. Tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilgan mazkur intellektual o‘yinda barcha shahar-tuman ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat jamoalar qatnashdi. Intellektual o‘yinni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad avvalo mamlakatimizda yoshlarni Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-maʼnaviy merosimizga hurmat va sadoqatli qilib tarbiyalash, ularning dunyoqarash va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, maʼnaviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida ko‘maklashish, iqtidorli, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatini namoyon etishiga ko‘maklashish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirish hamda o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlariga mehrini uyg‘otishdan iboratdir.

Intellektual bellashuvda xodimlarning bilim va zukkoligini baholab borish uchun malakali mutaxassislar taklif etildi.

Qizg‘in va murosasiz jarayonlarga boy bo‘lgan bellashuvda Urganch tumani IIB terma jamoasi faxrli 1-o‘ringa loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, Yangiariq va Tuproqqalʼa tumanlari IIB terma jamoalari tegishli tartib 2 va 3-o‘rindan joy olishdi.

G‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

Xorazm viloyati IB Axborot xizmati

Text to speech