9 Fevral 2023 yil 468

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov Xonqa tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan yaqindan tanishdi

Ayni kunlarda Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar masʼullaridan iborat ishchi guruh Xorazm viloyatida faoliyat olib bormoqda.

Respublika idoralararo ishchi guruh tarkibida Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov 9-fevral kuni Xonqa tumanidagi ijtimoiy infratuzilma obyektlarining sozligi, aholini gaz, elektr energiyasi, ko‘mir va ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, hududdagi mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining hamkorlikda fuqarolarning muammolarini hal etish amaliyoti bilan yaqindan tanishdi.

General-mayor B.Yu.Mirzaraximov dastlab tuman sektor rahbarlari bilan birgalikda tuman markaziy dehqon bozorida bo‘lib, u yerda oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik maxsulotlarining narxi hamda mavjud miqdorini o‘rgandi.

Ishchi guruh aʼzolarining keyingi tashrif manzillari ijtimoiy soha obyektlari bo‘ldi. Xususan, tumandagi umumtaʼlim maktablari, bolalar bog‘chalari, shifoxonalarda bo‘lgan ishchi guruh aʼzolari ushbu obyektlarga issiqlik taʼminoti, elektr energiyasi va ichimlik suvining yetkazib berilishini nazorat tartibida o‘rgandilar.

Bugungi kunda aholini doimiy ish bilan taʼminlash asosiy masalalardan biridir. Yangi ish o‘rinlarini yaratish, horijiy investorlar ishtirokida yirik ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish borasida Xonqa tumanida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ishchi guruh aʼzolari tumanda yaqinda ishga tushirilgan yirik to‘qimachilik korxonasida bo‘lib, u yerda xorijiy investorlarning ayni kunda qanday muammolari borligi bilan yaqindan tanishdilar. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotilishi bo‘yicha davlat tomonidan beriladigan amaliy yordam va qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil tushuntirish berildi.

Xonqa tumanida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi ham ishchi guruh eʼtiboridan chetda qolmadi. General-mayor B.Yu.Mirzaraximov massiv loyihasi va qurilish jarayonlari bilan tanishar ekan, qurilish normalariga qatʼiy rioya qilish lozimligini, binolarning zilzilabardoshligini taʼminlash, shuningdek kelgusida mazkur hududni “Raqamli mahalla” dasturi asosida to‘laqonli xavfsiz mahallaga aylantirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

Ishchi guruh o‘rganishlari davom etmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axbrot xizmati

Text to speech