7 Mart 2024 yil 3476

IIV Xorazm akademik litseyining iqtidorli qizlari

IIV Xorazm akademik litseyida o‘zining bilimi, iqtidori, intilishi bilan yuqori natijalarga erishayotgan o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida o‘z qobiliyatini namoyon etib, alohida eʼtirofga sazovor bo‘lishyapti. Bunday iqtidorli yoshlar orasida litseyning ikkinchi bosqich o‘quvchisi Shohista Yuldashboyeva ham bor.U“World Usmanov‘s Combat systems Association”Federatsiyasi tomonidan 2022 yilda yoshlar o‘rtasida sportning “qo‘l jangi” turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston hamda osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘tgan 2023 yilda esa sportning ushbu turi bo‘yicha jahon chempioni, degan sharafli nomga muyassar bo‘ldi.

Litseyning iqtidorli o‘quvchilaridan yana biri Gulshoda Ermetovaham 2023 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan sportning bel olish va uch kurash turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida faol ishtirok etib, 1-o‘rinni egalladi. Uning orzusi osiyo va jahon chempioni bo‘lish va yurtimiz bayrog‘ini yana-da yuksaklarga ko‘tarishdir.

Bilim dargohida nafaqat sport, balki fanlar bo‘yicha ham yuqori natijalarga erishayotgan o‘quvchi-qizlar talaygina. Birinchi bosqich o‘quvchisi Anaxon  Baxtiyorova hamda ikkinchi bosqich o‘quvchisi Marjona Qo‘ziboyevalar chet tillarni bilish darajasi bo‘yicha B-2 sertifikatini qo‘lga kiritishgan. Litseyning birinchi bosqich o‘quvchisi Aziza Salimova esa 2023 yil 29 noyabrda Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan fan olimpiadasining viloyat bosqichida rus tili fanidan faxrli 3-o‘rinni egallab, akademik litseyning “kichik serjant” unvonini qo‘lga  kiritdi.

   -Litseyimizda o‘quvchilarning bilim olishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan,-deydi litsey direktorining o‘rinbosari, podpolkovnik Behzodbek Quryozov.-Har hafta belgilangan reja bo‘yicha guruhlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilyapti. Shuningdek, “Burgut”, “Yosh qutqaruvchi”, “Yosh yong‘in o‘chiruvchi”, “Yosh posbonlar”, “Jaloliddin izdoshlari” kabi harbiy sport o‘yinlari qizg‘in va murosasiz tarzda davom etmoqda. O‘tkazilayotgan bunday mashg‘ulotlar natijasida litseyimiz o‘quvchilari turli nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallashyapti.

Shu kunlarda lavhamiz qaxramonlari tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan nufuzli bellashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

 

                                                                        Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” gazetasi muxbiri

Text to speech