4 Aprel 2022 yil 558

IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilari uchun ilmiy-amaliy ko‘rgazma o‘tkazildi

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilib, turli nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur mashg‘ulotlar doirasida ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda yoshlarda kasbga bo‘lgan sadoqatni va qiziqishni oshirish maqsadida, Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika bo‘limi xodimlari tomonidan IIV Xorazm akademik litseyida “Ekspert-kriminalistika faoliyatining zamonaviy imkoniyatlari, kriminalistik texnik vositalar hamda ashyoviy dalillar” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.

Ilmiy-amaliy ko‘rgazma shaklida o‘tkazilgan taqdimot davomida jinoyat va hodisa joylaridan olingan va jinoyatlarni fosh etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘l-barmoq izlari, qalbaki pullar, hujjatlar namoyish qilinib, ularni ashyoviy dalil sifatida olinishi tarixi, jinoyatlarni fosh etishdagi o‘rni haqida qisqacha tafsilotlari yoritildi.

Shuningdek taqdimot doirasida o‘quvchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan  batafsil tushuntirishlar berildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech