IIV Xorazm akademik litseyida o‘tkazilgan tadbir sheʼriyat kechasiga aylandi
IIV Xorazm akademik letseyida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalk shoiri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tom maʼnoda sheʼriyat kechasiga aylandi, chunki xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripov tomonidan bitilgan sheʼrlarni litsey o‘quvchilari ifodali o‘qish bilan birgalikda tarbiyaviy ahamiyatga ega sahna ko‘rinishlari orqali ham namoyish etishdi.
Mazkur sheʼriyat kechasiga mehmon sifatida taklif etilgan, “Begi Do‘st” taxallusi ostida ijod qiluvchi, havaskor shoir, isteʼfodagi katta serjant Bekmurod Usmonov va viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi bosh inspektori mayor Yulduz Hamdamovalar ham buyuk adibimiz Abdulla Oripov hayoti va ijodi to‘g‘risida so‘z yuritib, xalqimiz qalbidan joy olgan sheʼrlaridan ayrimlarini aytib ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Tadbirda faol ishtirok etgan litsey o‘quvchilari faxriy yorliq va badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati