26 Iyun 2023 yil 6101

IIV Xorazm akademik litseyining bitiruvchilariga diplomlar topshirildi

IIV Xorazm akademik litseyining joriy yilda tugatgan bitiruvchilariga diplomlarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov ishtirok etdi.

Boshqarma boshlig‘i bitiruvchilarga ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tilab, bugungi imkoniyatlardan oqilona foydalangan xolda, kelajakda yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan barkamol inson bo‘lib yetishishlarini taʼkidlab o‘tdi. 

Mazkur taʼlim dargohida 2 yil davomida tahsil olgan bitiruvchilar umumtaʼlim dasturiga kiritilgan fanlarni mukammal o‘zlashtirish bilan birgalikda, huquqshunoslik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga oid tayanch bilimlarga ham ega bo‘ldilar.

Joriy yilda ushbu akademik litseyning 2-kursini 187 nafar yigit-qizlar tamomlagan bo‘lsa, shulardan 17 nafari fanlarni aʼlo baxolarga o‘zlashtirishga erishgan.

Akademik litseyni aʼlo baxolarga tugatgan bitiruvchilarga imtiyozli diplomlar viloyat IIB boshlig‘i tomonidan topshirildi.

Qatʼiy tartib-intizom asosida malakali mutaxassislardan taʼlim olgan bitiruvchilarning orasida sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha Respublika chempionati sovrindorlarining borligi esa litseyda taʼlim berish bilan birgalikda o‘quvchilarning sport bilan muntazam va professional tarzda shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligidan dalolat beradi.

Shuningdek tantanali tadbirda ishtirok etgan soha faxriylari, bitiruvchi yoshlar va ularning ota-onalari  bitiruvchilarga kelgusida oliy taʼlim muassasalarining talabasi bo‘lishlarida muvaffaqiyat tiladilar.

Shaxdam qadamlar bilan saf maydonidan yurib o‘tgan bitiruvchilarning shijoati tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.  

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech