Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmning Bog‘ot tumanida 4 ta erkak 1 qizga tashlandi” nomli sarlavha ostida joylashtirilgan videolavha yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot
2021 yil 7 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmning Bog‘ot tumanida 4 ta erkak 1 qizga tashlandi” nomli sarlavha ostida tarqatilgan videolavhada aks etgan xolat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganligi to‘g‘risida ilgari xabar bergan edik.
Mazkur xolat ishtirokchilariga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid to‘plangan hujjatlar 2021 yil 8 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Sud qaroriga ko‘ra 1990 yilda tug‘ilgan O.A., 1996 yilda tug‘ilgan O.A. va 2001 yilda tug‘ilgan A.N. (erkak) lar Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, har biriga MJtKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shuningdek sudning ushbu qarori bilan xolatning boshqa ishtirokchilari (xotin-qizlar) 1990 yilda tug‘ilgan N.A. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu kodeksning 21-moddasi tartibida maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirilgan bo‘lsa, 1987 yilda tug‘ilgan D.S. va 1992 yilda tug‘ilgan G.S. lar esa Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu kodeksning 21-moddasi tartibida maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirilgan.
Shu o‘rinda fuqarolardan jamiyatda yurish-turish qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz, zero har qanday huquqbuzarlik yakunda javobgarlikka sabab bo‘lishi unutmang.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati