8 May 2022 yil 489

Ikkinchi jahon urushi faxriylariga bayram sovg‘alari topshirildi

Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektor rahbari, viloyat IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov 9 may – Xotira va qadrlash kuni va fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 77 yilligi munosabati bilan 3-sektor tarkibidagi tumanlarda istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi faxriylarining xonadoniga tashrif buyurib, ularga bayram sovg‘alarini topshirdi.

Yangiariq tumanining Yangiyer mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Aminboy ota Matniyozov yuz yosh bilan yuzlashgan. Bayram arafasida Aminboy otaning xonadonidan mexmon arimayapti. Boshqarma boshlig‘i ham shunday ulug‘ kunda otaxonni holidan xabar olib, unga bayram sovg‘alarini topshirdi. Dildan qurilgan o‘zaro suxbat davomida otaxon urush davrida boshidan kechirgan kechinmalarini eslab, yurtimizdagi tinchlikni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash  lozimligini taʼkidlab o‘tdi. O‘z navbatida urush qatnashchilariga va nuroniylarga ko‘rsatilayotgan g‘amho‘rlik uchun barchaga minnatdorchilik bildirib, ularning haqiga duo qildilar.

Yangiariq tumanining Bayotlar ko‘chasida istiqomat qiluvchi Ismoil ota Avezov ham ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan biridir.

Bir asrlik umri davomida boshidan kechirgan kechinmalari ichida eng og‘iri bo‘lgan urush davri qiyinchiliklari va qarilik bugun otaxonni to‘shakka bog‘lab qo‘ygan bo‘lsada, shukronalik hissi uni aslo tark etmagan.

Bayram kuni xonadoniga viloyat IIB boshlig‘i va unga hamroxlik qilgan tuman sektor rahbarlarining tashrifidan xursandligini yashirib o‘tirmadi. Davlatimizda bugungi kunda nuroniylar va mehnat faxriylariga nisbatan qaratilgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikdan g‘oyat minnatdor ekanligini bildirib, qo‘llarini duoga ochdi. Ismoil ota xonadoniga ham bayram sovg‘alari topshirildi, uni sog‘ligini tiklash va parvarishlash uchun tibbiy xodimlar biriktirildi.

Ha davlatimizda bugun urush va mehnat faxriylarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlar “Barchasi inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarning samarasidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech