3 Dekabr 2023 yil 4970

Inson qadrini ulug‘lash – eng oliy qadriyat!

So‘nggi yillarda yurtimizda nogironligi bor insonlarga imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy hayotda faol qatnashishlari uchun ko‘maklashish, shuningdek ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning ko‘lami ancha kengaydi desak mubog‘a bo‘lmaydi.

Joriy yilda "3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni" munosabati bilan Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida  “Inson qadrini ulug‘lash – eng oliy qadriyat!” shiori ostida o‘tkazilgan xayriya tadbirlarida faol qatnashdilar.

Xususan, Xorazm viloyati IIB tomonidan Xiva “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida "3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni"ga bag‘ishlab xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Unda viloyat IIB ning bir guruh xodimlari ishtirok etib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ixtiyoriy ravishda yig‘ilgan oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi sanitariya-gigiyena vositalari va kiyim-kechaklar internat uyida davolanayotgan shaxslar uchun xayriya tariqasida topshirdilar.

Shuningdek tadbirda, nogiron yurtdoshlarimizni davolashga hissa qo‘shib kelayotgan internat uyining bir guruh fidoyi ishchi xizmatchilariga ham viloyat IIB rahbariyati tomonidan minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alar topshirildi.

O‘z navbatida internat uyi rahbariyati va ishchi-xizmatchilari ham ko‘rsatilgan g‘amho‘rlik uchun viloyat ichki ishlar organlari xodimlariga minnatdorchilik bildirdilar.

Tadbir yakunida internat uyida davolanuvchilar va ishchi-xizmatchilar sana munosabati bilan viloyat IIB tomonidan yozilgan dasturxonga taklif etildi. Xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar esa barchaga xushnudlik ulashdi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech