11 Fevral 2023 yil 433

Ishchi ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning ilmiy faoliyati bilan shug‘ullanishiga keng yo‘l ochilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 11 fevral “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” sifatida rasman eʼlon qilingan bo‘lib, bugungi kunda mazkur sana dunyoning ko‘plab davlatlarida keng nishonlanib kelinmoqda hamda YUNESKO tomonidan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

“Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nomlangan mazkur yilda ushbu xalqaro kunga bag‘ishlab 6-11 fevral kunlari “Ilm-fanda xotin-qizlar xaftaligi” deb eʼlon qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Mazkur chora-tadbirlar dasturidan kelib chiqqan holda ilm-fan namoyondasi bo‘lgan xotin-qizlar va Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar ishtirokida ilmiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvga shuningdek IIV Xorazm akademik litseyining bir guruh iqtidorli o‘quvchi qizlari ham taklif etildi.

Urganch davlat universiteti faxriy professori Sultonposhsha Masharipova, shu universitet katta o‘qituvchilari Tozagul Qalandarova va Anaxon Jumanazarovalar bugungi kunda o‘zlari olib borayotgan ilmiy izlanishlari to‘g‘risida so‘z yuritdilar.

Notiqlar o‘z nutqida bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fan bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilganligini taʼkidlanib, barchani ham ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdilar.

Seminarda ishtirok qilgan ichki ishlar organlari xodimalari va litsey o‘quvchilari o‘zlarining kasbiy faoliyatini takomillashtirishga oid ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish yuzasidan zarur maslahat oldilar.

Uchrashuv yakunida seminarda spiker sifatida ishtirok etgan o‘qituvchi-professorlarga hurmat razmi sifatida badiiy kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati     

Text to speech