6 Fevral 2024 yil 3121

Shijoatli xodimalardan biri: Podpolkovnik Gulnoz G‘ulomova

IIV Akademiyasini tamomlagan leytenant Gulnoz G‘ulomova Qo‘shko‘pir tumani IIB HOOB VEO‘N va HPG inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Albatta uning sohaga ko‘nikishi u qadar qiyin kechmadi. Shunday bo‘lsa-da unga ustoz-murabbiylari yaqindan yordam berishdi. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi. Xizmat faoliyatining dastlabki birinchi yili ijobiy natijalar bilan yakunlandi va u viloyat ichki ishlar organlarining eng faol yosh xodimlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Shundan so‘ng G. G‘ulomova guruh katta inspektori vazifasida ham o‘n yil samarali xizmat qildi. Turli tanlovlarda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etdi.

Ayni kunda podpolkovnik Gulnoz G‘ulomova tuman IIB HPB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori lavozimida xizmat qilmoqda. U tuman hududidagi mahallalarda, muassasalarda, korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan ta’minlash bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, mahallalar kesimidagi o‘rganishlar jarayonida xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, kasb-hunarga yo‘naltirish, imtiyozli bank krediti ajratilishida amaliy yordam beryapti. Tegishli tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bunday sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida profilaktik hisobda turgan 9 nafar xotin-qizlar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirildi. Yetti nafariga kasb-hunar o‘rgatish markaziga yo‘llanma berildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan 8 ta oilada sog‘lom muhit yaratildi. Eng muhimi, tuman hududida ayollar tomonidan jinoyat hamda huquqbuzarlik sodir etilishi keskin kamayishiga erishildi.

Lavhamiz qahramoni yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashdagi fidoyi xizmati uchun IIVning “Faxriy yorlig‘i” hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining respublika bosqichi g‘olibi.

Yaqinda podpolkovnik Gulnoz G‘ulomova “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng faol xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor” nominatsiyasi g‘olibi, deb topildi.

 

                                                                     Xudoybergan JABBOROV,

   “Postda” muxbiri

Text to speech