Yangibozor tumanida xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni kuchaytirish belgilab olindi
Joriy yilning 7-sentyabr kuni Yangibozor tumanida Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Yangibozor tumani IIB va tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar boʼlimi hamkorligida yigʼilish boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-mart kunidagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonining Yangibozor tumanidagi ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, tumanda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʼligini saqlash, kasbga oʼqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda tuman hokimligi, ichki ishlar boʼlimi va mahalla fuqarolar yigʼishlarining oʼzaro hamkorligi atroflicha tahlil etilib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirish istiqbollari belgilab olindi.
Mahallada yashovchi, oilaviy nizolar sababli “himoya orderi” berilgan xotin-qizlarning himoya huquqi buzilishining oldini olishda tuman ichki ishlar boʼlimiga yaqindan yordam berib kelayotgan mahalla fuqarolar yigʼini ayollar faollaridan bir guruhiga tuman ichki ishlar boʼlimi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʼalari topshirildi.
Yigʼilish yakunida ishtirokchilarga viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan tayyorlangan profilaktik yoʼnalishdagi bukletlar tarqatildi.
Xorazm viloyati IIB Аxborot xizmati