10 Noyabr 2021 yil 705

“Yashil makon” milliy dasturi: Ko‘chat ekish jarayonlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Albatta bu boradagi chora-tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etishda “Yashil makon” milliy dasturi o‘zining samarasini bermoqda.

Joylarda “yashil makon” lar tashkil etish maqsadida olib borilayotgan ushbu ezgu ishlarda ichki ishlar organlari xodimlari ham faol ishtirok qilmoqdalar.

Xususan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani IIB xodimlari ham tuman IIB maʼmuriy binosi va unga tutash hududlarda noyabr oyi davomida 150 tup  mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu ko‘chat navlarini tanlashda mahalliy iqlim sharoitiga mos kelishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ekilgan har bir ko‘chatning to‘liq rivojlanishini taʼminlash maqsadida, har bir ko‘chat “yaxshidan bog‘ qoladi” shiori ostida ichki ishlar bo‘limi xodimlariga biriktirildi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari ko‘chat ekish dolzarb 40 kunligi doirasida o‘zlarining yashash xonadoni atrofiga ham mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish orqali aholi o‘rtasida tabiatga havas uyg‘otishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib bormoqdalar.

 Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati   

Text to speech