Juma - yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni: Haydovchi va piyoda birdek masʼul!
Xorazm viloyati xududida yo‘l transporti hodisalarining barvaqt oldini olish, sodir etilayotgan qoidabuzarliklarga qarshi kurashish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini taʼminlash va yo‘l transporti hodisalarining oldini olish bo‘yicha nazorat ishlari kuchaytirilib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 118 029 ta yo‘l harakati bilan bog‘liq bo‘lgan qoidabuzarliklar aniqlandi. Shundan 58 874 tasi qo‘pol qoidabuzarliklar, 1019 tasi mast holatda transport vositasini boshqarish, 1522 nafari qoidabuzar piyodalardir. Shuningdek, YPX inspektorlari tomonidan transport vositasini boshqarish vaqtida uyali aloqa telefonidan foydalangan 540 nafar, monitordan foydalangan 6 nafar, xavfsizlik kamarini taqmagan 18 507 nafar, transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargan 4772 nafar, transport vositasi oynalarining tusini o‘zgartirgan 188 nafar qoidabuzar haydovchilar ham aniqlanib, ular tegishli tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Yo‘l transporti hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida halqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga 4 dona fotoradar, 5 dona “AutoCon-SC/M” rusumli avtomatlashgan tarzda qoidabuzarliklarni aniqlaydigan fotoradar kompleksi o‘rnatilib, ushbu innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda.
Yaqinda YPX inspektorlari maʼmuriy bayonnomalarni planshetlar orqali elektron tartibda rasmiylashtirish tizimiga o‘tishdi. Planshetlar orqali olingan fotosuratlar va tuzilgan elektron bayonnomalar harakat xavfsizligi kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimiga yuboriladi va u yerda tahlil qilinadi. Mutaxassislar tomonidan elektron bayonnoma to‘g‘ri va asosli tuzilganligi tasdiqlangach, bu hujjat haqiqiy hisoblanadi. Joriy etilgan ushbu innovatsion yangilik harakat ishtirokchilarining belgilangan qoidalarga qanday rioya etayotgani bo‘yicha samarali natijalarni bermoqda.
Avtomobil yo‘llarining infratuzilmasini rivojlantirish, harakat ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash borasida 485 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi, 827 ta yo‘l belgilari esa yangisiga almashtirildi, 220 056 kvadrat metrdan ortiq yo‘lning qatnov qismi taʼmirlandi. Ayni kunda avtomobil yo‘llari, xiyobonlar, avtoshohbekatlar, bozorlar va aholi ko‘p to‘planadigan joylarga harakat xavfsizligini targ‘ib qiluvchi katta hajmdagi 32 ta pannolar, halqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarining mashinalar yuqori tezlikda harakatlanadigan xududlariga 28 ta fotoradar maketi, 24 ta patrul mashina mulyaji, 27 ta mayoqchalar hamda avtomobil yo‘llarining qatnov qismi yaqinida joylashgan maktablar oldiga 79 ta o‘quvchi piyoda maketlari o‘rnatildi.
Piyodalarning yo‘llarda xavfsiz harakatlanishlari va ular bilan bog‘liq yo‘l transporti hodisalarining oldini olish maqsadida Urganch, Gurlan hamda Hazorasp tumanlari xududidagi piyodalar o‘tish joylariga 300 ta tungi paytda yonib turuvchi chiroqlar o‘rnatildi. Hozirgi kunda bu boradagi ishlar samarali davom etmoqda.
Shu o‘rinda viloyat xududida sodir bo‘lgan yo‘l transporti hodisalariga to‘xtalib o‘tsak:
Joriy yilning 4 iyul kuni soat 20.30lar atrofida Shovot tumanidagi Ogahiy mahallasi xududida shovotlik I.K. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Sapark” rusumli avtomashinani boshqarib borayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda R. M.ni urib yuborgan. Natijada piyoda olgan tan jarohati tufayli tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Shu yilning 17 iyun kuni soat 18.35larda Urganch shahrining G‘alaba ko‘chasida shovotlik I.Ye. “Lasetti” rusumli avtomashinada yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan 12 yashar qizchani urib yuboradi. Natijada jabrlanuvchi respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filialida hayotdan ko‘z yumgan.
Ushbu yo‘l transporti hodisalari haydovchilar hamda piyodalarning belgilangan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaganligi oqibatida sodir bo‘lgan.
Haftaning juma kuni “Harakat xavfsizligi targ‘ibot kuni” hamda “Avtomobilsiz kun” tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat xududlarida 3649 marotaba profilaktik uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, YHXB targ‘ibot guruhi tomonidan tayyorlangan “Ogohlik davr talabi”, “Bolalarimizni beeʼtibor qoldirmaylik!”, “Spirtli ichimlikning har qanday miqdori haydovchi va yon atrofdagilarning hayotiga xavf soladi!”, “Unutma, bu qoida-barchaga foyda!”, “Ogoh va hushyor bo‘ling!”, “Yo‘lning qatnov qismida telefondan foydalanma!”, “To‘ylarda guruh bo‘lib harakatlanishning og‘ir oqibatlari” mavzularida tayyorlangan 20 ta ijtimoiy roliklar markaziy hamda mahalliy telekanallar orqali 221 marotaba namoyish etildi.
Targ‘ibot tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida viloyat “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda viloyat xududidagi korxona va tashkilotlarda hamda mahallalarda karantin qoidalariga rioya qilgan holda yo‘l transporti hodisalarining barvaqt oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda sodir etilayotgan yo‘l transporti hodisalari va unga imkon berayotgan shart-sharoitlar atroflicha muhokama etilmoqda. Fuqarolarning bu boradagi fikrlari, taklif va istaklari tinglanmoqda.
Yo‘lga chiqqan har bir harakat ishtirokchisi o‘z zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his qilib, belgilangan qoidalarga qatiy rioya etgan holda harakatlanmog‘i lozim. Anashundagina yo‘llarimizda sodir etilishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olgan bo‘lardik.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.