Kasb fidoyilaridan biri: Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti mayor Zalilova Liliya
Rossiya Federatsiyasining Tataristan Respublikasidagi qishloq xo‘jalik texnikumini tamomlagan Liliya tug‘ilib o‘sgan yurti-Xorazmga qaytdi va onasining kasbini davom ettirish niyatida viloyat IIB Kadrlar boshqarmasiga hujjatlarini topshirdi. Sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bu qizni viloyat IIB huzuridagi qo‘riqlash boshqarmasining moliya-iqtisod bo‘limiga xizmatga qabul qilishdi. Orzusi ushalgan Liliya sevgan kasbiga o‘zgacha ishtiyoq bilan yondoshdi. Ustozi serjant Zamira Yusupovaning nasihatlariga, o‘gitlariga amal qildi. Hisob-kitob jarayonlarini sinchkovlik bilan o‘rgandi.
Liliya xizmat faoliyatini davom ettirish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining sirtqi bo‘limida ham tahsil oldi. U besh yil mobaynida huquqshunoslik ilmini puxta egallash bilan bir qatorda ekspert-kriminalistika sohasini ham chuqurroq o‘rganishga intildi. Akademiyani tamomlagan leytenant Liliya Zalilova viloyat IIB JQ va TQKBning kanselyariya boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bu vazifada ham sidqidildan xizmat qildi. Boshqarma rahbariyati o‘ziga xos tajriba va mahoratga ega bo‘lgan leytenant L. Zalilovani viloyat IIB EKBga o‘tkazishdi. U ustozi podpolkovnik Muhiddin Karayevning yordami bilan kasb sirlarini chuqurroq o‘rganishga harakat qildi. Yosh, yangilikka qiziquvchan bu qiz qisqa vaqt ichida bir qator ekspert-tadqiqot ishlarini amalga oshirib, ijobiy natijalarni qo‘lga kiritdi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish, jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy-dalillarni izlab topish jarayonlarida ham faol ishtirok etdi.
Hazorasp tumanidagi “Beshta” mahallasida istiqomat qiluvchi M. Karimboyning (hodisa ishtirokchilarining ismi-sharifi o‘zgartirilgan) xonadonida o‘g‘irlik jinoyati sodir etildi. Nomaʼlum shaxs xonadon eshigini buzib kirib, shkaf ichidagi 4 000 000 so‘m pulni o‘g‘irlab ketadi. Bundan xabar topgan xonadon sohibi darhol tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar beradi. Hodisa joyiga yetib kelgan tergov-tezkor guruhi xodimlari jinoyat tafsilotini o‘rgana boshlaydi. Tezkor guruh tarkibida bo‘lgan ekspertlar esa hodisa joyida qoldirilgan izlardan namunalar olishga kirishishadi. Xonadondagi barcha buyumlar, stol-stullar, eshik va deraza romlari, tutqichlar maxsus moslama yordamida ko‘zdan kechirilib, 8 ta qo‘l-barmoq izlari olinadi va ular zudlik bilan viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo‘limiga yuboriladi. Ushbu maʼlumotlar bo‘lim katta eksperti, mayor Liliya Zalilovaga topshiriladi. Hodisa joyidan olingan qo‘l-barmoq izlari ustida bir necha soat ekspert-tadqiqot ishlarini olib borgan tajribali ekspert izlar jabrlanuvchining qarindoshi hazorasplik X. Chinnigulga tegishli ekanini isbotlab beradi.
Xullas, tajribali ekspertning sinchkovligi tufayli sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati shu kuniyoq “issiq izi”dan fosh etildi.
-Liliya haqida ko‘plab ijobiy fikrlar bildirish mumkin,-deydi viloyat IIB EKM boshlig‘i, mayor Olimboy Rajabov.-U mana 14 yildirki markazimizda samarali xizmat qilib kelmoqda. Hamkasblari uni qatiy tartib-intizomga amal qiladigan mahoratli ekspert, tajribali murabbiy sifatida hurmat bilan tilga olishadi.
Lavhamiz qaxramoni 23 yillik xizmat faoliyati davomida 28 marotaba rag‘batlantirilgan va biron marotaba intizomiy jazoga tortilmagan. U kasbining ana shunday fidoyilarida biri.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.