30 Sentyabr 2022 yil 686

Kasbini eʼzozlagan kam bo‘lmas

Harbiy xizmatdan qaytgan Oybek Qilichev osoyishtalik posboni bo‘lishga ahd qildi. Sinov imtihonlaridan o‘tgan bu yigit viloyat IIB huzuridagi qo‘riqlash boshqarmasi alohida batalʼoniga xizmatga qabul qilindi. Kasbiy ko‘nikma hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablariga qatiy rioya etish har bir xodim uchun muhim ekanligini yaxshi anglagan bu yigit ustozi katta serjant Umid Sobirovning nasihatlariga, o‘gitlariga amal qildi. Sohaviy xizmatga oid adabiyotlarni qunt bilan o‘qidi. Shuningdek, shaxsiy tarkib o‘rtasida o‘tkazilayotgan bellashuvlarda, tanlovlarda faol ishtirok etdi. U qo‘riqqa olingan maskanlarni ishonchli muhofaza qilish bilan birga mayda tashmachilikka qarshi kurashishda ham hamkasblariga o‘rnak bo‘ldi. Xizmatda ijobiy yutuqlarga erishayotgan bu yigit ko‘p o‘tmay tajribali xodimlar safidan joy oldi. U olti yil qo‘riqlash batalyonida samarali xizmat qildi. Viloyat IIB rahbariyati yetarli tajribaga ega bo‘lgan safdor Oybek Qilichevni yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining yo‘l patrul xizmati inspektori lavozimiga o‘tkazishdi. U bu vazifada ham masʼuliyatni chuqur his etgan holda sidqidildan xizmat qila boshladi.   

-Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash xodimdan nihoyatda xushyorlikni, har qanday murakkab vaziyatda aniq va to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab etadi,-deydi YPX inspektori, safdor Oybek Qilichev.-Xizmat faoliyatim davomida aynan o‘sha jihatlarga alohida eʼtibor qaratdim va xizmat intizomi hamda qonun talablariga qatiy rioya qildim. Haydovchilar bilan xushmuomala bo‘lishga, qoidabuzarligini bosiqlik bilan tushuntirishga harakat qildim. Ayni kunda ham ushbu talablar asosida xizmat faoliyatimni davom ettirayapman.

O‘zining fidoyiligi, kasbiga bo‘lgan sadoqati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bu yigit viloyat hududida harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l transporti hodisalarining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham faol ishtirok etayapti. Joriy yil sarhisobi bo‘yicha u 2448 ta yo‘l transporti harakati bilan bog‘liq bo‘lgan qoidabuzarliklarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Shundan 463 tasi qo‘pol, 31 tasi mast holatda transport vositasini boshqarish, 282 tasi quvib o‘tish, 179 tasi tezlikni oshirish, 37 tasi svetaforning qizil chirog‘ida harakatlanish, 48 tasi sug‘urta polisiga ega bo‘lmaslik, 23 tasi avtomashina oynalarining tusini o‘zgartirib harakatlanish kabi qoidabuzarliklardir. Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan 141 ta reyd tadbirlarida ham ishtirok etib, transport vositasi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni fosh etishda faol qatnashdi. Yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida viloyat IIB boshlig‘ining farmoyishi bilan o‘ziga biriktirilgan korxona va tashkilotlar, maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, bozorlar, avtomobil to‘xtash bekatlarida 172 marotaba targ‘ibot tadbirlari o‘tkazgan. Bundan tashqari, “Qidiruv” tadbirida ham faol ishtirok etib, Xiva tumani majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan qidiruv eʼlon qilingan “Xiva mega star” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan “Neksiya-3” rusumli avtomashinani hamda Shovot tumani majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan qidiruvga olingan S.Abdullayevaga tegishli bo‘lgan “Lada Vesta” rusumli avtomashinalarni video kuzatuv moslamalari orqali aniqlab, ushlash choralarini ko‘rgan.

Lavhamiz qaxramoni tajribali murabbiy sifatida yosh xodimlarning kasbiy ko‘nikmasini oshirishga, ularning bilim saviyasini yuksaltirishga ham alohida eʼtibor bermoqda. Tajribali ustoz tarbiyasini olgan safdorlar Ravshan Ibodullayev, Yoqubboy Komilov, Jamshid Asmetov, Valijon Davlatyorov singari ko‘plab ichki ishlar organlari xodimlari xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishib, hamkasblarining hurmat-eʼtiboriga sazovor bo‘lishmoqda.

Mana o‘n uch yildirki xalq osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbda sidqidildan xizmat qilib kelayotgan safdor O. Qilichev halq nazariga tushdi, hamkasblarining hurmat eʼtiboriga sazovor bo‘ldi. Bu eʼtirof unga davlatimizning yuksak mukofotini inʼom etdi.

Kasbini eʼzozlagan kam bo‘lmas, deyishadi. Jamoat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l transporti hodisalarining oldini olishdagi faol ishtiroki uchun safdor Oybek Qilichev mamlakatimiz Mustaqilligining 31 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

 

                                                                     Xudoybergan JABBOROV,

                                                                              “Postda” muxbiri.

                                                                      

 

 

Text to speech