Kasbini ulug‘lagan xor bo‘lmas: Katta serjant Hasan Ollayorov
Xizmat vazifasini bajarayotgan Xorazm viloyati IIB PPX va JTSB alohida konvoy guruhi haydovchi-xodimi, katta serjant Hasan Ollayorov bir necha sumkalarni ko‘targancha shoshib borayotgan ikki nafar shaxsga ko‘zi tushib qoldi. Ular yon-atrofga xavotirli qaragancha Urganch shahridagi ko‘p qavatli binolar tomon shoshilishardi. Bu kimsalarning hatti-harakatidan shubhalangan katta serjant darhol xudud ichki ishlar bo‘limiga xabar berdi. Zudlik bilan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida shubhali kimsalar qo‘lga olindi. Surishtiruvlar davomida bu shaxslar muqaddam sudlangan V.R. hamda O. A.lar bo‘lib, ular shahar xududidagi “Tibet” MCHJ bozorida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan 4 nafar fuqarolarning tovar-moddiy boyliklari joylangan sumkalarni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketayotgani maʼlum bo‘ldi.
Katta serjant Hasan Ollayorovning xushyorligi, kasbga bo‘lgan sadoqati tufayli sodir etilgan jinoyat “issiq iz”da fosh etildi.
Harbiy xizmat safidan ijobiy tavsifnoma bilan qaytgan lavhamiz qaxramoni viloyat IIB huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi alohida batalyoniga xizmatga qabul qilindi. Unga bu xizmat begona emasdi. Chunki u harbiy xizmat paytida ham obyektlarni qo‘riqlash guruhining tajribali askarlaridan biri edi. Shu bois, safdor Hasan Ollayorov bu sohaga o‘zgacha bir ishtiyoq bilan kirishdi. Ustozlarining maslahatlariga, nasihatlariga, o‘gitlariga amal qildi. Bilmaganlarini so‘rab o‘rgandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mustaqil ish yurita oladigan, buyruq va ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajaradigan, jamoat ishlarida faol ishtirok etadigan g‘ayrat-shijoatli xodimga aylandi. Ayniqsa, yosh xodimning mayda tashmachilikka qarshi kurashishdagi samarali faoliyati ko‘pchilikka ibrat bo‘ldi. Xizmatda ijobiy yutuqlarga erishayotgan bu yigit ko‘p o‘tmay tajribali xodimlar safidan munosib joy oldi. Safdor Hasan Ollayorov qo‘riqlash xizmatida besh yil sidqidildan xizmat qildi. So‘ngra uni viloyat IIB PPX va JTSB PPX batalyoniga xizmatga tayinlashdi. U bu jamoada ham zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga astoydil intildi. Jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun bir necha bor boshqarma rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi. Kichik serjant Hasan Ollayorov 2014 yilda viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi alohida konvoy guruhida haydovchi-xodim vazifasida xizmat faoliyatini davom ettirdi.
-U doimo xizmat vazifasini bajarishga masʼuliyat bilan yondoshib, har bir topshiriqni aniq va o‘z vaqtida bajarishga harakat qiladi,-deydi viloyat IIB PPX va JTSB alohida konvoy guruhi komandiri, katta serjant Jurat Masharipov.-Ayniqsa, mohir murabbiy sifatida yosh xodimlarning kasbiy mahoratini oshirishda bu insonning xizmati alohida tahsinga loyiq. Shu bois, ko‘plab xodimlar uni o‘zlarining mehribon ustozi sifatida hurmat qilishadi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan xizmat jarayoni tahliliga ko‘ra, alohida konvoy guruhi xodimlari tomonidan sud va tergov organlari talabnomalari bo‘yicha 593 ta konvoy tadbirlari amalga oshirilgan. Ushbu tadbirlarda 687 nafar shaxs sud hamda tergov organlariga olib borilgan. Xizmat xodimlarining zimmalaridagi vazifalarga masʼuliyat bilan yondoshganliklari tufayli favqulodda holatlar sodir qilinishiga hamda xizmat intizomining buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Guruh komandiri bunday samarali natijalarga erishishda tajribali murabbiy, katta serjant Hasan Ollayorovning munosib hissasi borligini alohida eʼtirof etib o‘tdi.
Kasbini ulug‘lagan xor bo‘lmas, deyishadi. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdagi fidoyi xizmati uchun katta serjant Hasan Ollayorov 25 oktyabr-Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq "Sodiq xizmatlari uchun" medali bilan taqdirlandi. Bu yuksak mukofot uning xizmatiga berilgan munosib bahodir.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.