Kitobsevar ichki ishlar xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi
Urganch shahridagi “Urganch kitob markazi” korxonasi aholi o‘rtasida kitobxonlik targ‘ibotini yangicha yondashuv bilan amalga oshirib kelmoqda.
Asosan kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi mazkur korxona kitobxon haridorlarni doimiy ravishda rag‘batlantirib borishni yo‘lga qo‘ygan.
Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining doimiy tashrif manziliga aylanib ulgurgan ushbu kitob do‘konidan xodimlar nafaqat o‘zlari uchun zarur bo‘lgan yuridik yoki siyosiy adabiyotlarni harid qilishadi, shu bilan birgalikda oilaviy kutubxonalarini ham aynan shu do‘kondan harid qilingan badiiy va bolalar kitoblari bilan boyitib kelmoqdalar.
9 noyabr kuni viloyat ichki ishlar organlarining bir guruh xodimlari “Urganch kitob markazi” korxonasiga taklif etildi. Korxona tomonidan eng kitobsevar-haridor deb topilgan ushbu ichki ishlar organlari xodimlariga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Albatta kitob do‘koni tomonidan taqdim etilgan sovg‘alarning aksariyati dunyo va o‘zbek adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi bo‘lganligi kitobsevar xodimlarni yana-da quvontirdi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur kitob do‘koni ko‘p kitob harid qilgan mijozni emas, harid qilingan kitobni o‘qigan mijozlarni rag‘batlantirib borishni asosiy shart qilib belgilagan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati