Konstitutsiya - huquq va erkinliklarimiz kafolati. Madhiyamiz–faxrimiz.
Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Chunki, ichki ishlar organlari xodimlarini ona-Vatanga va xalqiga sodiq, kasbiga fidoyi, mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan, intiluvchan, ziyrak, hushyor hamda istiqlol g‘oyalariga sadoqatli bo‘lgan maʼnaviyatli va maʼrifatli qilib tarbiyalashda aynan “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari”ning o‘rni beqiyosdir.
Navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan va Davlat madhiyasi tasdiqlangan sanalar munosabati bilan bayramona tusda bo‘lib o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlangan dars mashg‘uloti Urganch davlat universiteti O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari doktori Qosimboy Qobulovning maʼruzasi bilan davom etdi. Maʼruzachi o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining qabul qilinish tarixi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun”, shuningdek dunyo mamlakatlarining madhiyalari to‘g‘risida ham atroflicha tushuntirish berib o‘tdi.
Shundan keyin dars mashg‘uloti “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzusida davom etdi. Ushbu mavzu yuzasidan TATU Urganch filiali, Telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti dekani o‘rinbosari, G‘ulomjon Axmedov so‘zga chiqib, konstitutsiyalar tarixi, xususan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish jarayoni, unda qayd etilgan normalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Seminar yakunida xodimlarning mashg‘ulotda olgan bilimlarini yana-da mustahkamlash va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan viktorina tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qayd etilgan moddalardan tashkil topgan viktorina savollariga javob berishda mashg‘ulotda ishtirok etgan barcha xodimlar faol qatnashdilar.
Savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob bergan ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kitobi sovg‘a qilindi.
Bu kabi o‘ziga xos tarzda o‘tkazilayotgan “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari” orqali ichki ishlar organlari xodimlariga yurtimizda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, jamiyatni demokratlashtirish, yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan har bir normativ-huquqiy hujjatning mazmun-mohiyati chuqur o‘rgatilib, ularning talablari asosida yuklatilgan vazifalarni ongli ravishda ijro etishlariga erishish shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati