Kun tartibida voyaga yetmaganlar va yoshlar masalasi
Kun tartibida voyaga yetmaganlar va yoshlar masalasi
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida eʼlon qilingan karantin chora-tadbirlaridan kelib chiqqan holda taʼlim muassasalarida o‘qitish jarayonlari onlayn tarzda olib borilmoqda.
O‘z navbatida taʼlim jarayonini onlayn tarzda amalga oshirilishi o‘quvchilarning hulqi va odob-ahloqi ustidan o‘qituvchilarning to‘la-to‘kis nazorat qilish imkonini bermasligi tabiiy.
Shu boisdan Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘limi va uning hududiy ichki ishlar organlaridagi masʼul xodimlari tomonidan yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishga yangicha yondashilmoqda.
Hususan, viloyatda yashovchi, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil hamda tarbiyasi og‘ir barcha voyaga yetmaganlarning uylariga borib, kundalik hayot tarzi, masofadan taʼlim olish sharoiti va imkoniyatlari inspektorlar tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar va yoshlarni jalb etishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilochar maskanlarning karantin cheklovlariga zid ravishda faoliyat yuritishlarini oldini olish maqsadida profilaktika inspektorlari va Yoshlar ittifoqining vakillari hamkorligida qo‘shma reydlar ham o‘tkazilmoqda.
Viloyatda amalga oshirilayotgan ushbu profilaktik chora-tadbirlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati