Maktab-internatda 8 mart – Xotin qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Ko‘zi ojiz bolalar tahsil olib kelayotgan maxsus maktab-internatlarga davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ichki ishlar organlari tomonidan g‘amho‘rlik qilish belgilandi.
Shu qatorida Xiva shahridagi 121-sonli ko‘zi ojiz bolalar tahsil olayotgan maktab-internat ham Xorazm viloyati IIB tomonidan otaliqqa olindi.
Shundan kelib chiqqan holda viloyat IIB tomonidan mazkur maktab-internatni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashga, u yerda tahsil olayotgan o‘quvchilarning ona-Vatanimizga sadoqatli bo‘lib kamolga yetishlariga eʼtibor qaratish bilan birgalikda, muassasa o‘qituvchi-pedagoglar jamoasini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida masʼuliyat bilan qarab kelinmoqda.
Maktab-internatda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Xorazm viloyati IIB tashabbusi bilan uyushtirilgan bayram tadbiri ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Bayram tantanasida Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Boshqarma boshlig‘iga hamrohlik qilgan Xiva shahar Hokimi T.Davletov ham maktab-internatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ayollar va o‘quvchi qizlarga o‘zining samimiy bayram tilaklarini izhor qilib o‘tdi.
Shundan keyin maktab-internatda o‘qituvchilik qilib kelayotgan xotin-qizlarga va o‘quvchi qizlarga bayram sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek maktab-internatga viloyat IIB tomonidan topshirilgan uchta televizor, bitta konditsioner va ofis jihozlari bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tantanali tadbir bayram dasturxoni atrofida xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar bilan yana-da fayzga to‘ldi.
O‘z navbatida maktab-internat jamoasi ko‘rsatilgan eʼtibor va g‘amho‘rlik uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati