10 Fevral 2022 yil 957

Mamuriy sud ishlarini yuritishda - yangi bosqich

Muhtaram Prezidentimizning qaror va Farmonlari bilan sud tizimi sohasida bir qator islohotlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan shu yilning 29 yanvar kuni imzolangan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 107-sonli Qarori davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya etilishini taʼminlash hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirishdan iboratdir.

Ushbu qarorda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish belgilab qo‘yildi.

Huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni ko‘rib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga o‘tkazish belgilangan.

Maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda esa, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi, shuningdek, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish va protsessual qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishi belgilangan.

Qarorda jamiyatda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirish maqsadidaprotsessual qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish belgilab qo‘yildi.

Taraflarga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish huquqini berish belgilanishi ayni muddao bo‘lib, taraflar o‘rtasidagi nizoni hal qilishda qonuniylik to‘liq  taʼminlanishi bilan birga, sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimini ijroga qaratilishida taraflarga qulayliklar yaratadi hamda qisqa muddatlarda nizolarni hal etilishiga erishiladi.

Shuningdek, Farmonda davlat organlari yoki tashkilotlari ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorini u qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy davomida ijro qilish hamda bu haqda maʼmuriy sudga xabar berish, davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha sud hujjati ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimasini qo‘llash, davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorining takroran ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan dastlab qo‘llanilgan sud jarimasini oshirilgan miqdorda maʼmuriy sudlar tomonidan qo‘llanilish tartibi qonun normalarida belgilanishi fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklanishi bir so‘z bilan taʼkidlanganda maʼmuriy sud himoyasida ekanligidan dalolat beradi.

Sudlar tomonidan daʼvo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda daʼvo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish, maʼmuriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorida aniqlangan holatlar boshqa ishni ko‘rayotgan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud uchun majburiy hisoblanishini belgilanishi, bir sud ishi doirasida baʼzilari maʼmuriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirish taqiqlanadi.

Ushbu qonun normasining kiritilishi huquqi buzilgan fuqarolarning yoki tadbirkorlik subyektlarining sudma-sud yurib, ovora bo‘lishlariga barham beradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ushbu qarorning qabul qilinganligi mamlakatimizda sud tizimini demokratlashtirish, odil sudlovni amalga oshirishda qonun ustuvorligini, sudlar faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda xalqning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Urganch tumanlararo

maʼmuriy sudining sudyasi

                                      S.Allaberganov

Text to speech