28 Fevral 2022 yil 2081

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir Zulfiyaxonim tavalludining 107 yilligiga bag‘ishlandi

O‘zbek sheʼriyatining otashnafas shoiralaridan biri, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi shoira Zulfiya Isroilova tavalludining            107 yilligi munosabati bilan 28 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Xorazm akademik litseyida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda litseyning 1-bosqich o‘quvchi qizlari o‘rtasida “Sheʼriyat malikasi” deb  nomlangan bellashuv bo‘lib o‘tdi.

Bellashuv “Zulfiyaxonimni bilasizmi?”, "Mushoira”, "Badiiy mahorat” shartlari asosida o‘tkazildi.  

Tadbirni litsey direktori polkovnik  R.R.Masharipov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, tadbirda so‘z olgan Xorazm viloyati yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Shoira Shams shoiraning benazir sheʼriyati haqida to‘xtalib o‘tdi.  Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati kengashi masʼul xodimi F.Otajonov o‘quvchilarga o‘z esdalik sovg‘alarini taqdim qildi.

Bellashuvda qizlar Zulfiyaxonim hayoti va ijodi haqidagi o‘z bilimlarini, ifodali o‘qish mahoratlarini namoyish qildilar. Mahorat shartida Zulfiyaxonim izdoshlari har sohada ilg‘or ekanligi yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Murosasiz kechgan bellashuvda 104-guruh o‘quvchisi Otaboyeva Ro‘zaxon birinchi o‘rinni, 106-guruh o‘quvchisi Komiljonova Sevinchoy ikkinchi o‘rinni va 107-guruh o‘quvchisi Zaripboyeva Aziza uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar. G‘oliblar litsey rahbariyatining diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, albatta yosh avlodni o‘z ajdodlaridan faxrlanish va ularga munosib voris bo‘lishga intilishi, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularda Ona Vatanga muhabbat kabi tuyg‘ularni shakllantirishdan iboratdir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech