Maqsad - jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish
Xozirgi pandemiya sharoitida aholining aksariyat qismi karantin qoidalariga rioya qilgan holda, o‘z-o‘zini yakkalash maqsadida imkon qadar uyida qolmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga yo‘naltirilgan profilaktik tadbirlar manzilli tarzda amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashabbusi bilan “Tan jarohati yetkazish”, “Odam savdosi”, “Firibgarlik”, “O‘g‘irlik” va “Infeksion kasalliklardan saqlanish usullari” yuzasidan ko‘p nusxada ko‘rgazmali bukletlar tayyorlandi.
Dezinfeksion ishlov berilgan ushbu bukletlar viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tarkibidagi profilaktika (katta) inspektorlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar tomonidan kunlik reja asosida, mahallalar kesimida, har bir xonadonga hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga tarqatilmoqda.
Bundan tashqari ushbu profilaktik tadbirlar davomida koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan, lekin kasallik yengil kechayotganligi sababli uy sharoitida davolanayotgan shaxslarning o‘zi va yaqinlari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilinishining ahvoli ham o‘rganilib, xonadon aʼzolariga qo‘shimcha ravishda yo‘riqnomalar berilib, ajratilgan zarur dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarining topshirilishi taʼminlanmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati